Oferta shartlarini qabul qilish va davom etish

Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʼurta qilish boʼyicha E-polisni (elektron polisni) onlayn rasmiylashtirish shartlari yuzasidan
OMMАVIY OFERTА

Ushbu ommaviy oferta (keyingi oʼrinlarda – oferta) «”SQB INSURANCE” SUG‘URTA KOMPANIYASI» AKSIYADORLIK JAMIYATI (keyingi oʼrinlarda – sugʼurtalovchi) bilan sugʼurta qildiruvchi oʼrtasida transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʼurta qilish (keyingi oʼrinlarda – TVEFJMSQ) boʼyicha E-polisni (elektron polisni) onlayn rasmiylashtirish (shartnoma tuzish va bekor qilish) tartiblari va sugʼurtalash shartlarini belgilaydi.
Mazkur oferta Oʼzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “Elektron tijorat toʼgʼrisida”gi, “Elektron hujjat aylanishi toʼgʼrisida”gi, “Sugʼurta faoliyati toʼgʼrisida”gi Qonunlari, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabrdagi 780-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʼurta qilish boʼyicha E-polisni sotish, rasmiylashtirish va ularning haqiqiyligini tekshirish” qoidalari hamda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 24 iyundagi 141-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʼurta qilish” qoidalari asosida ishlab chiqilgan.

I. Umumiy shartlar va tushunchalar

1. Ushbu ofertada quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
E-polis – transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʼurta qilish boʼyicha elektron shaklda tuzilgan sugʼurta shartnomasi;
sugʼurta hodisasi – E-polisga koʼra transport vositasidan foydalanishda jabrlanuvchining hayoti, sogʼligʼi va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan, sugʼurta qildiruvchining sugʼurta tovonini amalga oshirishiga sabab boʼladigan zarar boʼyicha javobgarligi sugʼurta qilingan, sugʼurta qildiruvchi yoki boshqa shaxsning fuqarolik javobgarligining yuzaga kelishi;
sugʼurta puli – sugʼurtalovchi sugʼurta hodisasi sodir boʼlganda yetkazilgan zararning oʼrnini uning doirasida jabrlanuvchiga (uning merosxoʼriga yoki huquqiy vorisiga) qoplash majburiyatini oladi;
sugʼurta mukofoti – sugʼurta qildiruvchi E-polisni sotib olish uchun sugʼurtalovchiga toʼlashi shart boʼlgan pul mablagʼlari summasi;
sugʼurta tovoni – sugʼurtalovchi E-polisga muvofiq sugʼurta hodisasi sodir boʼlganda jabrlanuvchiga uning hayoti, sogʼligʼi va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʼrnini qoplash hisobiga sugʼurta puli doirasida toʼlashi shart boʼlgan pul mablagʼlari summasi;
yagona axborot tizimi – Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʼarmasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralarning axborot tizimlari va markaziy maʼlumotlar bazalari, jismoniy va yuridik shaxslar markaziy maʼlumotlar bazalari bilan integratsiyalashgan, majburiy sugʼurta qilish boʼyicha onlayn tartibida faoliyat yurituvchi yagona axborot tizimi;
transport vositasining egasining yaqin qarindoshlari – transport vositasi egasining transport vositasidan foydalanish va uni boshqarish uchun notarial tasdiqlanadigan ishonchnoma rasmiylashtirilishi talab qilinmaydigan yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar).
rasmiy veb-sayt va mobil ilovadan foydalanish – sugʼurta qildiruvchining undan foydalanishga qaratilgan har qanday harakati.
2. Ofertaning amal qilish hududi – Oʼzbekiston Respublikasi.
3. Xorijiy davlatlarda ruyxatdan oʼtkazilgan va Oʼzbekiston Respublikasida vaqtinchalik foydalanilayotgan transport vositalarining egalari mazkur oferta tarafi boʼlishi mumkin emas.
4. Rasmiy veb-sayt va mobil ilovadan foydalanishda dastavval, Sugʼurta qildiruvchi ushbu oferta shartlari bilan toʼliq tanishib chiqishi lozim. Аgar Sugʼurta qildiruvchi oferta shartlariga yoki uning baʼzi qismlariga rozi boʼlmasa, u rasmiy veb-sayt yoki mobil ilovadan foydalanishni toʼxtatishi lozim. Sugʼurta qildiruvchining rasmiy veb sayt yoki mobil ilovadan foydalanishni davom ettirishi ushbu oferta shartlariga toʼliq va soʼzsiz rozi ekanligini bildiradi.

II. E-polisni rasmiylashtirish

5. E-polisni rasmiylashtirish sugʼurtalovchi rasmiy veb-saytining majburiy sugʼurta uchun moʼljallangan qismi yoki uning mobil ilovasi, telegram-bot va/yoki elektron toʼlov tizimi orqali amalga oshiriladi.
6. E-polisni rasmiylashtitrish uchun sugʼurta qildiruvchi har bir transport vositasi boʼyicha E-polisni rasmiylashtitrish toʼgʼrisidagi elektron arizaga quyidagi maʼlumotlarni kiritadi:
sugʼurta qildiruvchining va/yoki transport vositasini boshqarishga vakolat berilgan jismoniy shaxslarning (transport vositasini boshqarishga faqat muayyan shaxslarga ruxsat berilishi sharti bilan E-polis rasmiylashtirilgan taqdirda) shaxsiy identifikatsiya raqamini va shaxsini tasdiqlovchi hujjatning seriyasi, raqami;
soliq toʼlovchining identifikatsiya raqami (yuridik shaxs uchun);
transport vositasi egasining shaxsiy identifikatsiya raqami va shaxsini tasdiqlovchi hujjatning seriyasi va raqami (agar transport vositasi mulkdori boshqa jismoniy shaxs boʼlsa);
elektron pochta manzili (mavjud boʼlsa);
mobil telefon raqami;
E-polis rasmiylashtirilayotgan transport vositasining davlat raqami belgisi va roʼyxatdan oʼtkazilganligi toʼgʼrisidagi guvohnomaning seriyasi va raqami;
agar sugʼurta qildiruvchi qonunchilikka asosan siylov olish huquqiga ega boʼlgan shaxslar toifasiga kirsa, majburiy sugʼurta boʼyicha siylovlar mavjudligi toʼgʼrisida belgi qoʼyib, yuqoridagi toifaga tegishliligini tasdiqlovchi hujjatlarning (guvohnoma, maʼlumotnoma) tegishli raqamlari;
transport vositasi egasining ixtiyori bilan mazkur transport vositasidan foydalanish va uni boshqarishga qoʼyilgan yaqin qarindoshlarining (ota, ona, er (xotin), oʼgʼil, qiz, aka, uka, opa, singil) qarindoshlik darajasini tasdiqlovchi hujjatlarning tegishli raqamlari;
transport vositasining roʼyxatdan oʼtgan joyi;
sugʼurta muddati (1 yil, 6 oy yoki undan ortiq (TVdan mavsumiy foydalanishda), 10 kun yoki undan ortiq (roʼyxatdan oʼtish joyigacha);
E-polis rasmiylashtirilganligi toʼgʼrisidagi xabarnomani yuborish shakli (telefon raqam yoki elektron pochta manzili yoki sugʼurtalovchi veb-saytida (mobil ilovasi orqali) ochilgan shaxsiy kabineti orqali).
Bunda tegishli maʼlumotlar yagona axborot tizimida mavjud boʼlganda avtomatik tarzda toʼldiriladi.
7. Elektron ariza toʼldirilayotgan vaqtda Yagona axborot tizimi qisman yoki toʼliq ishlamaganda, yaʼni davlat axborot bazalari qisman ishlamagan va/yoki ular bilan aloqa uzilgan taqdirda, sugʼurta qildiruvchi arizadagi qolgan maʼlumotlarni qoʼlda kiritadi yoki xujjatlarni ilova qiladi.
8. Elektron ariza toʼliq toʼldirilgandan soʼng sugʼurta qildiruvchi tomonidan yuborish tugmasi bosiladi.
9. Sugʼurtalovchining maʼsul xodimlari tomonidan yuborilgan elektron arizidagi maʼlumotlar bir ish kuni ichida toʼliqligi va toʼgʼriligi tekshirilib, sugʼurta qildiruvchiga sugʼurta mukofotini toʼlashi mumkinligi yoki maʼlumotlarni qayta toʼgʼirlanishi toʼgʼrisida xabarnoma yuboriladi. Аgar sugʼurta qildiruvchi tomonidan ariza berilgan sanadan boshlab 24 soat davomida maʼlumotlar qayta tekshirilmasa va/yoki toʼgʼrilanmasa, unda sugʼurta tashkiloti E-polisni rasmiylashtirish, qayta rasmiylashtirish va bekor qilish imkoniyati yoʼqligi toʼgʼrisida sugʼurtalovchining Internet jahon axborot tarmogʼidagi resursi yoki SMS-xabar orqali sugʼurta tashkiloti sugʼurta qildiruvchini xabardor qiladi.
10. Sugʼurta qildiruvchi sugʼurta mukofotini toʼlashi mumkinligi toʼgʼrisidagi xabarnomani olgandan soʼng 24 soat mobaynida sugʼurta mukofotini elektron toʼlov tizimlari orqali, naqd pulda, pul oʼtkazish yoʼli bilan (yuridik shaxslar) toʼlashi lozim.
Sugʼurta mukofoti E-polisda nazarda tutilgan toʼlovdan kamroq miqdorda toʼlangan boʼlsa, sugʼurta tashkiloti sugʼurta mukofotining toʼlanmagan qismi, sugʼurta qildiruvchi tomonidan 72 soat muddatda toʼlanishi zarurligi toʼgʼrisida darhol xabarnoma yuboradi.
11. Sugʼurta mukofoti toʼlanganligi fakti ushbu Oferta Sugʼurta qildiruvchi tomonidan aktsept qilinganligini anglatadi.
12. E-polis Sugʼurta qildiruvchi tomonidan Sugʼurta mukofoti toʼlangan paytdan kuchga kiradi. Аgar E-polisda sugʼurta amal qilishi boshlanishining boshqacha muddati nazarda tutilmagan boʼlsa, majburiy sugʼurta elektron shartnomasi kuchga kirganidan keyin yuz bergan sugʼurta hodisalariga nisbatan tatbiq etiladi.
13. Sugʼurta mukofoti toʼliq toʼlangandan keyin E-polis rasmiylashtirilganligi toʼgʼrisidagi xabarnoma cugʼurta qildiruvchi tomonidan tanlangan shaklda yuboriladi va u quyidagilarni oʼz ichiga oladi:
sugʼurta tashkilotining nomi;
transport vositasi rusumi va davlat raqami belgisi;
sugʼurta mukofoti miqdori;
E-polisning amal qilish muddati;
E-polisning noyob raqami;
Yagona axborot tizimiga havola.
14. Sugʼurta qildiruvchi Yagona axborot tizimiga havola orqali oʼtib, E-polisni yuklab olishi mumkin.

 DIQQАT!

15. SUGʼURTА QILDIRUVCHI OʼZI TOMONIDАN ELEKTRON POLISNI RАSMIYLАSHTIRISH UCHUN SUGʼURTАLOVCHIGА TАQDIM ETILАYOTGАN MАʼLUMOTLАR VА HUJJАTLАRNING HАQIQIYLIGI UCHUN JАVOBGАR HISOBLАNАDI.

III.Taraflarning huquq va majburiyatlari

16. Sug’urta qildiruvchi quyidagi huquqlarga ega:
sug’urtalovchidan E-polis to’g’risida tushuntirish berishni talab qilish;
rasmiy veb-sayt va mobil ilovadan istalgan paytda foydalanishni to’xtatish.
majburiy sug’urtani amalga oshiruvchi sug’urtalovchini tanlash.
Sug’urta qildiruvchi:
belgilangan tartibda va muddatda E-polis bo’yicha o’ziga yuklatilgan majburiyatni bajarishi;
E-polis bo’yicha sug’urta mukofotini belgilangan shartlar asosida va tartibda to’lashi shart.
17. Sug’urtalovchi quyidagi huquqlarga ega:
jabrlanuvchi (uning merosxo’rlari yoki huquqiy vorislari)ning arizasini ko’rib chiqishda tegishli ekspertlarni jalb etish;
sug’urta qildiruvchi tomonidan taqdim etilgan axborotlarni tekshirish, sug’urta shartnomasi talablari va shartlarining sug’urta qildiruvchi tomonidan bajarilishini nazorat qilish;
sug’urta hodisalari yuzaga kelishining oldini olish bo’yicha tavsiyalar berish.
qonunda belgilangan holatlarda to’langan sug’urta tovonini regress tartibida to’lab berilishini talab qilish;
Sug’urtalovchi:
sug’urta qildiruvchiga internet-resursidan tunu kun to’siqlarsiz foydalana olish imkoniyatini yaratishi;
sug’urta qildiruvchining va (yoki) jabrlanuvchining sug’urta to’lovi va (yoki) tovonini to’lab berishni so’rab sug’urtalovchiga qilgan murojaatini ko’rib chiqishi;
o’z faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan sug’urta qildiruvchi va jabrlanuvchi to’g’risidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlashi shart.
18. Rasmiy veb sayt yoki ilovadan foydalanish imkoniyati faqatgina Internet jahon axborot tarmog’iga kirish imkoni bo’lgandagina vujudga keladi. Shu sababli, sug’urta qildiruvchi Internetga belgilangan tartibda ulanish choralarini mustaqil ko’rishi lozim.
19. Sug’urtalovchi quyidagi zararlar uchun javobgar emas:
sug’urta qildiruvchi oldida rasmiy veb-sayt va mobil ilovadan foydalanish bilan bog’liq zararlar uchun;
rasmiy veb-sayt va mobil ilovadagi ma’lumotlar sug’urta qildiruvchi tomonidan uchinchi shaxlarga berilishi oqibatlari uchun;
sug’urtalovchiga bog’liq bo’lmagan sabablarga ko’ra, rasmiy veb-sayt va mobil ilovadan foydlana olmaganligi va xizmatlar ko’rsatilmaganligi uchun.
20. Jabrlanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
sug’urta to’lovi va (yoki) tovonini to’lab berishni so’rab sug’urtalovchiga murojaat qilish;
sug’urtalovchining sug’urta to’lovi va (yoki) tovonini to’lashni rad etish to’g’risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilish.
qonun hujjatlarida belgilangan shartlar asosida va tartibda sug’urta to’lovi va (yoki) tovonini olish.

IV. E-polisni o’zgartirish va muddatidan oldin tugatish

21. E-polisni amal qilish muddati quyidagi hollarda muddatidan oldin tugatiladi:
transport vositasidan foydalanish belgilangan tartibda taqiqlanganda;
E-polisda ko’rsatilgan transport vositasi bundan buyon foydalanish uchun yaroqsiz bo’lib qolganda;
transport vositasining mulkdori o’zgarganda.
22. E-polisning amal qilishi muddatidan oldin tugatilgan taqdirda, sug’urta mukofotining bir qismi to’langan tovon summasiga va Ye-polis amal qilishining kunlar hisobidagi qolgan muddatiga mutanosib ravishda qaytariladi.
23. Sug’urta qildiruvchiga (uning qonuniy vakillariga, merosxo’rlariga, huquqiy vorislariga) sug’urta mukofotining bir qismini qaytarish sug’urta qildiruvchi (uning qonuniy vakillari, merosxo’rlari, huquqiy vorislari) tegishli tartibda murojaat qilgan kundan boshlab 14 kalendar kun mobaynida amalga oshiriladi.
Bunda sug’urta qildiruvchiga qaytarilishi lozim bo’lgan sug’urta mukofotining bir qismi sug’urta qildiruvchining arizasiga muvofiq yangi rasmiylashtirilgan E-polis bo’yicha sug’urta mukofoti hisobiga o’tkazilishi mumkin.

V. Sug’urta hodisasi sodir bo’lganda shaxslarning harakatlari

24. Jabrlanuvchilarga zarar yetkazilishiga olib kelgan yo’l-transport hodisasi (YTH) ishtirokchisi bo’lgan sug’urta qildiruvchi (fuqarolik javobgarligi E-polisga muvofiq sug’urtalangan boshqa shaxs) jabrlanuvchi(lar)ning talabiga ko’ra unga TVEFJMSQ bo’yicha E-polisi to’g’risida ma’lumot berishi zarur.
25. Sug’urta qildiruvchi sug’urta hodisasi sodir bo’lganda quyidagilarni amalga oshirishi zarur:
jabrlanuvchiga YTH kunidan boshlab uch kalendarь kundan kechiktirmay sug’urta polisining nusxasini topshirishi;
darhol, YTHdan keyin 72 soatdan kechiktirmay, sodir bo’lgan hodisa haqida sug’urta polisining nusxasini ilova qilgan holda sug’urtalovchiga murojaat qilishi;
sug’urtalovchiga sug’urta hodisasi munosabati bilan unga nisbatan qo’yilayotgan barcha talablar xabardor qiladi.

VI. Sug’urta to’lovi va (yoki) tovonini to’lash

26. E-polis bo’yicha jabrlanuvchi yoki sug’urta qildiruvchining xohishiga binoan (sug’urta hodisasini to’g’ridan-to’g’ri hal etish hollarida) sug’urta hodisasi ro’y berganligi to’g’risida bildirishnoma yuborish, yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash, sug’urta to’lovlarini amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 24 iyundagi 141-son qarori bilan tasdiqlangan Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug’urta qilish Qoidalarida belgilangan hujjatlarning elektron yoki skanerlangan nusxalarini sug’urtalovchining Internet jahon axborot tarmog’idagi resursidagi jabrlanuvchi yoki sug’urta qildiruvchining (sug’urta hodisasini to’g’ridan-to’g’ri hal etish hollarida) sug’urta tashkilotiga yuborishga haqli.
27. Agar sug’urta hodisasi ro’y berganligini va sug’urta qildiruvchi tomonidan yetkazilgan zarar miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar yetarli bo’lmasa, sug’urtalovchi bu to’g’risida ushbu hujjatlar olingan kundan boshlab uch ish kuni ichida, yetishmayotgan va (yoki) noto’g’ri rasmiylashtirilgan hujjatlarning to’liq ro’yxatini ko’rsatgan holda jabrlanuvchi yoki sug’urta qildiruvchining (sug’urta hodisasini to’g’ridan-to’g’ri hal etish hollarida) elektron pochta manziliga (mavjud bo’lsa) va (yoki) ko’rsatilgan telefon raqamiga SMS-xabar orqali ma’lumot yuborishi kerak.
28. Taqdim etilgan hujjatlarning to’liq ro’yxati va qabul qilingan sanasi to’g’risida elektron ma’lumotnoma ariza beruvchiga, u ko’rsatgan elektron pochta manziliga (agar mavjud bo’lsa) yuboriladi va (yoki) sug’urtalovchining Internet jahon axborot tarmog’idagi resursidagi ariza beruvchining shaxsiy kabinetida ko’rsatiladi.

VII. Sug’urta summasi, sug’urta mukofoti, sug’urta to’lovi va (yoki) tovoni miqdori

29. TVEFJMSQ bo’yicha sug’urta summasi 40 000 000 (qirq million) so’mni tashkil etadi. Shundan:
– jabrlanuvchining mol-mulkiga zarar yetkazilganda sug’urta to’lovi sug’urta summasining 35 foizi – 14 000 000 (o’n to’rt million) so’m;
– jabrlanuvchining hayoti yoki sog’lig’iga zarar yetkazilganda sug’urta tovonining miqdori sug’urta pulining 65 foizi – 26 000 000 (yigirma olti million) so’m.
30. Sug’urta qildiruvchi tomonidan TVEFJMSQ bo’yicha to’lanadigan sug’urta mukofoti miqdori 1 (bir)* yil muddat uchun quyidagi ko’rinishda:

TV turi Hudud
Toshkent shahar va Toshkent viloyati**
Boshqa viloyatlar**
Cheklangan*** (so’mda) Cheklanmagan**** (so’mda) Cheklangan*** (so’mda) Cheklanmagan**** (so’mda)
Yengil 56000 168000 40000 120000
Yuk 67200 201600 48000 144000
Avtobuslar va mikroavtobuslar 67200 201600 48000 144000
Tramvaylar, mototsikillar va motorollyorlar, traktorlar, o’ziyurar yo’l-qurilish mashinalari va boshqa mashinalar 22400 67200 16000 48000

*Elektron arizada sug’urta muddati 6 oy yoki ro’yxatdan o’tkazish joyigacha katakchalarini tanlanganda sug’urta mukofoti jadvalda ko’rsatilgan summadan kamroq miqdorda elektron arizani to’ldirish jarayonida sug’urta qildiruvchiga ma’lum qilinadi.
**TV ro’yxatdan utgan hudud.
***TVdan haydovchilar soni cheklangan holda foydalanish sharti bilan rasmiylashtirilganda.
****TVdan haydovchilar soni cheklanmagan holda foydalanish sharti bilan rasmiylashtirilganda.

31. Sug’urta qildiruvchi tomonidan to’lanishi lozim bo’lgan sug’urta mukofotining miqdori Ye-polisni rasmiylashtirish to’g’risidagi elektron arizaga kiritilgan ma’lumotlarga muvofiq, shuningdek siylov huquqini hisobga olgan holda aniqlanadi.

VIII. Shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash shartlari

32. Sug’urta qildiruvchi E-polisni rasmiylashtirish to’g’risidagi elektron arizaga ma’lumotlarni kiritishi bilan E-polisni amalga oshirish uchun o’zining shaxsiga doir ma’lumotlarni qayta ishlashga (yig’ish, yozish, tizimlash, saqlash, foydalanish va bekor qilish) rozilik bergan deb xisoblanadi.
33. Shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash Sug’urtalovchi tomonidan sug’urta shartnomasi bo’yicha majburiyatlarini amalga oshirish maqsadida “Shaxsga doir ma’lumotlar to’g’risida”gi 2019 yil 2 iyuldagi O’zbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.

IX. Yakunlovchi qoidalar

34. Ushbu ofertaning talablarini buzganlikda aybdor bo’lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
35. Ushbu ofertada nazarda tutilgan yoki u bilan bog’liq masalalar bo’yicha taraflar o’rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelganda, taraflar kelishmovchilikni sudgacha hal etish choralarini ko’rishi lozim.
36. Nizoni sudgacha hal etish imkoni bo’lmasa, ular sug’urtalovchi joylashgan yerdagi tegishli sudda O’zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga asosan hal etiladi.
37. Ushbu ofertada nazarda tutilmagan holatlar bo’yicha vujudga kelgan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

Oferta shartlarini qabul qilish va davom etish